ЎзбекчаO'zbekchaCall-center
KUTILMOQDA...

Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni

17

Avgust

Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvali
  Ilm-fan 2020
XALQARO LOYIHALAR
    Towards a Central Asian Hegher Education Area
    Modernizing Health Education in Universities
    Foreign cooperation on textile design
E'LONLAR

Bu yerga universitet ijtimoiy hayotiga oid e'lonlarni joylashtirishingiz mumkin.

Тел: (0 369) 227-21-07

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi talaba qiz taqdirida

12.06.2018 | Ko`rildi: 38 | Madaniy-ma'rifiy faoliyat

Foto: A.Isoqboyev

Maqsad - insonning ko‘nglida tug‘iladiyu, go‘yo mayoqdek yirog‘u yuksaklarda turganday o‘ziga chorlagani chorlagan. Uning manzillariga betinim harakatu, shahdu shijoat bilan intilganlar yetishadi. Aks holda, maqsad quruq xayolga aylanadi, ko‘ngil soviydi. Ertaning iqboli, baxtu saodati bugundan boy beriladi. Shunday ekan, umrimizning biror daqiqasi, biror oni jo‘shqinlik va intiluvchanliksiz kechmasligi shart. “ Birniki mingga, mingniki tumanga tatiydi” naqli bejiz yaralmagan. Vatanimizning har jihatdan yuksalishi million-million yoshlarning faolligidan yuzaga keladi. Buni Namangan davlat universiteti filologiya fakulteti o‘zbek tili yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Manzura Abdullayeva misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Chunki, u 2017 yili so‘nggida  O‘zbekiston yoshlar ittifoqi stipendiyasi sohibiga aylandi. Yangi tashkilotning faol a’zosi sifatida o‘zining “Ijodkor yoshlar klubi” loyihasini taqdim etib, endilikda uni o‘zi tengdoshlari bilan birgalikda izchil amalga oshirmoqda. 

Manzura bunday kamolotga darrov va osongina erishgani yo‘q. U bungacha ham aslo tinim bilmadi. Natijada ustozlari rahbarligida yozgan adabiy tadqiqotlari o‘ndan ziyod ilmiy to‘plam va jurnallarda yoritildi. Birin-ketin “Quyosh ertaga qaytar”,  “Bolako‘z” asarlari bosildi. 2017 yilda “Cho‘lpon” nashriyoti hikoyalaridan jamlangan “Qumg‘on”  nomli nasriy kitobini kirill va lotin yozuvlarida 10.000 nusxada chop etdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” fondi tomonidan nashrdan chiqarilgan bu ijodiy armug‘oni respublikadagi barcha kollej, litsey va maktablarning kutubxonalarigacha yetib bordi.

Talabamizning tashkilotchiligi o‘ziga xos qirralarga ega. 2016 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan “Yurt kelajagi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari safidan o‘rin oldi. Shu yili o‘tkazilgan  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Iste’dod maktabi” VIII Respublika seminarida qatnashdi. Keyinroq viloyatda o‘tkazilgan “Yil talabasi” ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘ldi. O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi tashkillagan “Yosh siyosatchi - 2017” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichida faxrli o‘ringa loyiq topildi. Respublika oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zukko kitobxon” ko‘rik-tanlovining I darajali diplomi bilan taqdirlandi.

Ijodkor qiz O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqiligining 26 yilligiga bag‘ishlangan “Eng ulug‘, eng aziz!” an’anaviy tanlovining viloyat bosqichida “Bosma va elektron OAV xodimlarining jurnalistik ishlari” nominatsiyasi bo‘yicha  yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va yangilanishlar haqidagi turkum maqolalari uchun  Diplom  bilan siylandi.

Manzuraning taniqli siyosat va davlat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yiligiga bag‘ishlangan “Eng yaxshi insholar” tanlovida “Qutlug‘qadam insondan qolgan izlar” mavzuidagi ijodiy ishi  yuqori baholandi. U shaxsan ulug‘ insonning qizi Sayyora Rashidovaning dasxati tushirilgan minnatdorchilik maktubi va maxsus sovg‘asiga sazovor bo‘ldi.

Talabamiz O‘zbekiston yoshlar ittifoqining a’zosi sifatida hamisha faol bo‘lishni o‘zi uchun burch deb biladi. O‘tgan yil so‘nggida respublika “Yosh targ‘ibotchilar markazi” o‘quv-seminariga taklif etildi. U yerda tengdoshlari bilan tajribalarini o‘rtoqlashdi. 

Badiiy ijod bilan ilmiy izlanishlarni teppa-teng olib borayotgani tufayli sal oldinroq  uning “Ishoqxon Ibrat - serqirra ijod sohibi” risolasini o‘qishga muyassar bo‘lgan edik. Endi esa “Kitobxonlik: o‘qiganlarim va uqqanlarim” qo‘limizda turibdi. Yangi kitobi taniqli adabiyotshunos, akademik Baxtiyor Nazarovning nazariga tushganligi, u kishining so‘zboshisi bilan ochilganligi, rostisi, bizlarni behad faxrlantirdi. Ijodkor qizimiz uchun esa, bu yanada mas’uliyat yuklashi aniq. Xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishdek ezgu harakatning oldingi saflarida bor bilimi va iqtidori bilan astoydil xizmat qilish hissi Manzura Abdullayevani hamisha faollikka undayveradi.

30 iyun - Yoshlar kuni oldidan u “Ijodkor yoshlar”klubi a’zolarining nasriy va nazmiy asarlaridan saralab, “Namangan navolari” to‘plamini nashrga tayyorlamoqda. O‘ylaymizki, uning bu sa’y-harakati ham yaqin orada o‘z samarasini ko‘rsatadi. Tengdoshlariga munosib rag‘bat sifatida yigit-qizlarning  ijodiy parvozini yanada yuksaltiradi. 

Alisher ISOQBOYEV,
NamDU ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori




Mabaa: Ma’naviyat-ma’rifat va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘limi

© 1942 - 2018
Namangan davlat universiteti |  Bahtiyor Yuldashev
Яндекс.Метрика