ЎзбекчаO'zbekcha
KUTILMOQDA...

8 - mart Xalqaro xotin-qizlar kuni

08

Mart

Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvali
XALQARO LOYIHALAR
    Towards a Central Asian Hegher Education Area
    Modernizing Health Education in Universities
    Foreign cooperation on textile design
E'LONLAR

O‘zbekiston Respublikasidagi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy voqealarga doir ma’lumotlar

25.01.2018 | Ko`rildi: 68 | Axborot soatlari

O‘zbekiston Prezidenti Xitoy elchisini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 16 yanvar kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litszeni qabul qildi. 
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Xitoy elchisining faoliyati samarali bo‘lgani hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta hissa qo‘shganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi. 
2017 yil may oyida XXRga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif va ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlar O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish va uni aniq mazmun bilan boyitish imkonini bergani ta’kidlandi. Turli darajadagi aloqalar, jumladan, parlamentlar va mintaqalararo munosabatlar faollashdi. Tomonlar bir-birini xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham qo‘llab-quvvatlamoqda. 
O‘zaro savdo hajmi izchil ortib bormoqda. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 4,5 milliard dollarga yetgan. Gidroenergetika va neft-gaz tarmog‘i, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalari barpo etish sohalarida yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. 
Muhim mintaqaviy transport yo‘laklari – “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” avtomobil va temir yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlar boshlab yuborilgan. 
Madaniy-gumanitar, ilmiy va ta’lim sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda. 
O‘z navbatida, Xitoy elchisi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, XXR Raisi Si Szinpinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. 
Diplomat Xitoy o‘zaro munosabatlarga muhim ahamiyat qaratayotgani, O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash tarafdori ekanini alohida ta’kidladi. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy elchisining har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib, Sun Litszega Vatanimizning yuksak davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi. 
Elchi Sun Litsze davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga uning faoliyatini yuksak baholagani va “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlagani, shuningdek, O‘zbekistonda Xitoy diplomatik missiyasi faoliyatiga berilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. 
O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda bundan buyon ham faol ishtirok etish maqsadida ekanini ta’kidladi. 
Taqdirlash marosimida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi. 

Investitsiya dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirishning yangi tartibi muhokama qilindi
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida         2018 yil 17 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirish bo‘yicha joriy etilgan yangi tartib asosida ishlarni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi. 
Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, yirik infratuzilma ob’ektlari va korxonalar barpo etish jarayoniga chet el investitsiyalari izchil jalb qilinmoqda. 
Davlatimiz rahbari yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish va kuchli ijtimoiy himoyani ta’minlashda investitsiyalarning muhimligini qayd etar ekan, shu paytgacha bu boradagi ishlar pala-partish bajarib kelinganini tanqid ostiga oldi. 
Ilgari ushbu soha rahbarlari yuqori raqamlar ortidan quvib, investitsiyalarni jalb etish va o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshirib ko‘rsatishni kasb qilib olgan edi. Buning oqibatida hokimliklar va tarmoq rahbarlari ushbu “yuk”ni bajarish uchun moliyalashtirish manbasi kafolatlanmagan va tashabbuskori aniq bo‘lmagan, hududlar va tarmoqlar rivojlanishiga mos kelmaydigan samarasiz loyihalarni Investitsiya dasturlariga kiritishga majbur bo‘lar edi. 
Masalan, 2012-2017 yillar davomida “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan umumiy qiymati 3,3 milliard AQSh dollari bo‘lgan         14 ta loyiha investitsiya dasturlariga kiritilgan. Keyinchalik ularning barchasi maqsadga muvofiq emas deb topilgan va hukumat qarorlari bilan to‘xtatilgan. Eng achinarlisi, mazkur loyihalar hujjatlarini tayyorlashga 185 million AQSh dollari sarflangan. 
Investitsiya dasturlarini shakllantirish va loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish borasida ham qator muammolar bor. Bu jarayon 15 yil avval qabul qilingan qarorlarda belgilangan mezon va tartiblar asosida amalga oshirib kelingan. Jumladan, loyihaning texnik iqtisodiy asoslari, biznes rejasi va tender hujjatlari ishlab chiqilgandan so‘ng vakolatli organlar bilan takror va takror kelishilishi oqibatida uning ekspertizasi belgilangan 15 kun o‘rniga 6 oygacha cho‘zilish holatlariga ko‘p marotaba yo‘l qo‘yilgan. Bu investitsiya loyihasining qimmatlashishi va rentabelligi pasayishiga olib kelgan. 
Ma’lumki, investitsiya dasturlariga iqtisodiy asoslangan, loyiha-smeta hujjatlari tayyor bo‘lgan loyihalar kiritilishi zarur. Lekin ilgari bunday hujjatlar loyiha investitsiya dasturiga kiritilgandan so‘ng tayyorlab kelingan. Oqibatda loyihaning dastlabki narxi va tasdiqlangan qiymati o‘rtasida ba’zi hollarda hatto 80 foizgacha tafovut yuzaga kelgan. Bu budjet mablag‘lari sarfi asossiz ravishda oshib ketishiga sabab bo‘lgan. 
Loyihalar puxta hisob-kitob qilinmagani, ularni amalga oshirishga investorlarning o‘z mablag‘lari jalb etilmagani oqibatida ko‘plab korxonalar bankrot bo‘lgan. Ularni sog‘lomlashtirish vazifasi zimmasiga yuklangan tijorat banklari ham katta zararlar ko‘rgan. Shu bois joriy yildan boshlab bankrot korxonalarni banklar balansiga berish amaliyotiga chek qo‘yildi. 
Yuzaki o‘tkazilgan iqtisodiy tahlil oqibatida loyihalar foydalanishga qabul qilinganidan keyin ham o‘zini oqlamagan – xomashyo yo‘qligi, energiya va gaz bilan ta’minlanmagani, iqtisodiy jihatdan samarasiz bo‘lgani sababli mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirilmay qolgan. 
Yana bir kamchilik: o‘z vaqtida bajarilmagani yoki ijrosi chala bo‘lgani uchun ayrim loyihalar yildan yilga, dasturdan dasturga o‘tib kelgan. Masalan, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazini laboratoriya bilan jihozlash loyihasi dastlab 2015 yilda, keyinchalik 2016 va            2017 yillarda investitsiya dasturlariga takroran kiritilgan. 
Prezidentimizning 2017 yil 18 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirishning yangi tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori yuqoridagi kabi tahlillar natijasida qabul qilindi. Qarorga muvofiq, mamlakatimizda tarmoq va hududiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yo‘lga qo‘yilmoqda. 
Davlatimiz rahbari bu boradagi ishlarni uch bosqichda amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. 
Birinchi bosqichda Rivojlanish konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash kerak. Ushbu Konsepsiya tarmoq, hududiy va maqsadli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha strategik vazifalarni o‘z ichiga olgan hujjat bo‘ladi. 
Ikkinchi bosqichda Rivojlanish konsepsiyasi asosida maqsadi va moliyalashtirish manbalari aniq bo‘lgan 3 yillik, ya’ni 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan loyihalar portfeli shakllantiriladi. Ushbu loyihalar Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari bilan kelishilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida ekspertizadan o‘tkaziladi. Har bir loyihani amalga oshirish bo‘yicha batafsil kalendar rejasi ishlab chiqiladi. 
Uchinchi bosqichda tasdiqlangan 3 yillik loyihalar portfeli asosida Rivojlanish davlat dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash talab etiladi. 
Bundan buyon Rivojlanish davlat dasturlariga faqat dastlabki texnik-iqtisodiy asoslari va loyiha-smeta hujjatlari mavjud bo‘lgan loyihalar kiritiladi, deya alohida ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. 
Prezidentimizning joriy yil 8 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining davlat xaridlarini amalga oshirish, davlat dasturi doirasidagi hujjatlarni shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha kompleks ekspertizaning samarali tizimini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori sohaga oid yana bir muhim hujjat bo‘ldi. Unga muvofiq, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi huzurida Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi tashkil etildi. Endilikda loyiha, tender hujjatlari va import shartnomalari ushbu markazda ekspertizadan o‘tkaziladi. 
Yangi tartib bo‘yicha ishlar davom etayotgani bois 2018 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish loyihalari, istisno tariqasida, Prezident tomonidan tasdiqlanadigan Investitsiya loyihalari ro‘yxati asosida amalga oshiriladi. 
Davlatimiz rahbari tajriba tariqasida Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida loyihalarni energiyatejamkor, zamonaviy qurilish va yengil konstruksiyali materiallardan foydalangan holda amalga oshirish orqali ularning qiymatini 20-30 foizga arzonlashtirish amaliyotini joriy etishni taklif qildi. 
Iqtisod qilingan mablag‘lar to‘laligicha mazkur loyiha joylashadigan shahar yoki tuman ixtiyorida qoladi hamda ushbu hududning ijtimoiy va kommunal soha masalalarini hal etishga yo‘naltiriladi, dedi Prezidentimiz. 
Yig‘ilishda investitsiya loyihalarini iqtisodiy, moliyaviy va texnologik asoslangan holda ishlab chiqishda loyiha institutlarining o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. 
Amaldagi loyiha ishlarini bajarish qoidalari o‘tgan asrning 60-70-yillarida ishlab chiqilgan bo‘lib, zamonaviy talablarga mutlaqo javob bermaydi. Shu paytgacha xorijiy konsultantlarni jalb etgan holda birorta ham yangi loyiha instituti yaratilmagan. Hududlarda bugungi talablarga javob beradigan loyihalashtirish tashkilotlari yo‘q. 
Hozirda loyihalashtirish institutlarining asosiy maqsadi loyiha qiymatini baland qilib ko‘rsatib, undan tegishli yuqori foizli foyda olish bo‘lib qolgan. Bugun bularning barchasiga barham beradigan vaqt keldi, dedi Shavkat Mirziyoyev. “O‘zInjiniring” loyihalashtirish tashkiloti iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini loyihalashtirgani kabi, qolgan xo‘jalik birlashmalarida ham huddi shunday mutasaddi yuqori malakali mutaxassislarga ega bo‘lgan ixtisoslashgan loyiha institutlari bo‘lishi kerak. 
Ma’lumki, loyihani amalga oshirish guruhlariga to‘lanadigan oylik xarajatlari loyihaning umumiy qiymatidan olinadi. Ya’ni ushbu guruhlar muayyan loyihani qanchalik kech ishga tushirsa, shuncha ko‘p manfaat ko‘radi. Bu esa, o‘z navbatida, loyiha narxining sun’iy ravishda oshishiga olib keladi. 
Yig‘ilishda loyihalashtirish ishlarini takomillashtirish, yangi loyiha institutlarini tashkil etish, qurilish-loyiha hujjatlarini tayyorlash va ekspertiza qilishning mutlaqo yangicha mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 
Ilgari qarz, kredit va grant mablag‘larini jalb qilish va ulardan foydalanish borasidagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor mamlakatlar bilan hamkorlik qilish, yirik va strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tomonidan tashkil etilardi. Bu vakolatli davlat organlarining mas’uliyati va tashabbuskorligini pasaytirib, ortiqcha byurokratik tartib-taomillar va xarajatlarga olib kelardi. 
Prezidentimizning 2017 yil 20 dekabrdagi “Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida davlat boshqaruvi organlarining yetakchi xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha vakolatlari aniq belgilab qo‘yildi. Barcha darajadagi hokimliklar ushbu davlat organlari bilan birgalikda ish olib boradi. 
Bundan keyin Investitsiya dasturi kabi Rivojlanish davlat dasturiga ham puxta ishlanmagan, moliyaviy manbasi va egasi aniq bo‘lmagan, faqatgina bitimlarda qolib ketadigan loyihalarni kiritish amaliyoti takrorlansa, tegishli rahbarlar qonun oldida javob beradi. 
Yig‘ilishda budjet va investitsiya mablag‘laridan oqilona foydalanish, moliyalashtirish bazasini kengaytirish, soliq imtiyozlari tizimini takomillashtirish va boshqa masalalar muhokama qilindi. Mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. 

O‘zbekiston BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasiga 100 ming aqsh dollari miqdorida mablag‘ ajratadi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn boshchiligidagi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi delegatsiyasining 2017 yil 10-12 may kunlari mamlakatimizga tashrifi O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘targani bilan ulkan ahamiyat kasb etdi. 
Tashrif davomida Oliy komissar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. 2017 yil iyun oyida O‘zbekiston parlamenti tomonidan 90 dan ortiq tadbirdan iborat harakatlar rejasi qabul qilingani esa mamlakatimiz va BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi o‘rtasidagi amaliy va ochiq muloqotni kengaytirish hamda mustahkamlashga yangi sur’at baxsh etdi. 
Bugun ushbu hamkorlik yuqori ruhda davom etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy komissar Zayd Raad al-Husaynning Boshqarma budjetiga ixtiyoriy badal to‘lovini amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqish haqidagi murojaati qabul qilinib, O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi fondiga 100 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratadigan bo‘ldi. 

Batafsil ma’lumot ilova faylida ko‘rsatilgan


Yuklab olish uchun ilova fayli (*.doc)
Fayl hajmi: 166 Kb

Mabaa: Ma’naviyat-ma’rifat va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘limi

© 1942 - 2018
Namangan davlat universiteti |  Bahtiyor Yuldashev
Яндекс.Метрика