wrapper

Yangiliklar

Dushanba, 30 Yanvar 2017 00:00

Milliy davlatchiligimiz taraqqiyotining muhim dasturi

Joylashtirdi: 

Mustaqil taraqqiyot yillarida mamlakatimizda erishilayotgan eng katta yutuqlardan biri, shubhasiz, fuqarolik jamiyati institutla¬rining jadal shakllanayotgani, jumladan, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyat va davlat qurilishi tizimidagi huquq hamda vakolatlarining muntazam ravishda kengayib borayotganida o‘zini namoyon etmoqda. Ushbu ma’noda Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ilgari surilgan “xalq bilan muloqot” g‘oyasi jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni moder¬ni¬za¬tsiyalash hamda isloh etish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, ayniqsa fuqarolarning huquq va erkinliklarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi amaliy ishlarning navbatdagi bosqichini boshlab berdi.

Xalq bilan muloqot hayotbaxsh g‘oyasining kengaytirilgan talqini doirasida barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldidagi hisobdorligini kuchaytirishni ta’minlashga qaratilgan tizimni joriy etish, “xalq qabulxonalari”ni tashkil qilish, boshqacha aytganda, keng ijtimoiy qatlamlarning mamlakatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki mexanizmlarini yanada takomillashtirish, milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlash bilan bir qatorda, uning davlat va jamiyat qurilishining zamonaviy tamoyillari bilan hamohang rivojlanishiga ham yordam berishi shubhasiz.
        Zikr etilgan yo‘nalish bilan bog‘liq faoliyatning mazmun-mohiyatni oydinlashtirish, uning inson manfaatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishni kafolatlaydigan mexanizmlarini yaratish va takomillashtirishga qaratilgan ishlar davom etmoqda. Kuni-kecha “O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi” portalida mamlakatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi. 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan mazkur hujjatda o‘z ifodasini topgan O‘zbekiston taraqqiyoti navbatdagi bosqichining beshta ustuvor yo‘nalishi sanog‘i davlat va jamiyat qurilishi tizimini yanada takomillashtirishga oid vazifalardan boshlangani mutlaqo mantiqiydir. Unda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlis palatalarining rolini yanada kuchaytirish, jumladan ularning davlat hokimiyati tizimidagi o‘rnini mustahkamlash, ijro hokimiyati faoliyati ustidan nazorat vakolatlarini yanada kengaytirish, qabul qilinayotgan qonunlarni amalga oshirilayotgan islohotlarga ta’sirini kuchaytirishga yo‘naltirgan holda qonun ijodkorligi sifatini oshirish, davlat boshqaruvi va davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini faollashtirish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini oshirish masalalariga alohida urg‘u berilgani diqqatga sazovordir.
   Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasida davlat va jamiyat qurilishining strategik maqsadi etib belgilangan huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etishda parlamentning roli beqiyosdir. U umummilliy, hududiy hamda individual manfaatlarni uyg‘unlashtirish va ro‘yobga chiqarishning asosiy mexanizmi vazifasini bajaradi. Aynan shuning uchun ham, o‘z vaqtida, umumdavlat va hududiy manfaatlar mutanosibligiga erishish jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni moder¬ni¬za¬tsiyalash hamda isloh etish sharoitida ikki palatali parlamentni shakllanti¬rish maqsadlaridan biri qilib belgilangan edi. Ushbu maqsad davlat va jami-yat qurilishini erkinlashtirish, xususan nomarkazlashtirish siyosatining mantiqiy natijasi bo‘lib, markaz va hududlar o‘rtasidagi hokimiyat munosabatla¬ri¬ni boshqaruvning ilg‘or kontseptsiyalari asosida takomillashtirishni nazarda tutadi. Zero, markaz va hududlar o‘rtasidagi mu¬nosabatlarni rivojlantirish fuqarolar va demokratik institutlarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish hamda samarali qarorlar qabul qilish bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni ijobiy hal qilish imkonini beradi. Qolaversa, parlament na¬zo¬¬ra¬ti, qonunlarning to‘laqonli ijrosini ta’minlash barobarida, ularni uzluksiz takomillashtirib borish va hayotiy masalalarni operativ hal qilishni ta’minlaydi.
Xalqaro tajribadan ma’lumki, qonun loyihalarini tayyorlash jarayonini takomillashtirishning amaliy yo‘llaridan biri unda hu¬dud-lar ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq. Mazkur ma’noda O‘zbekiston Respublikasi “Qonunlar loyiha¬la¬rini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonun¬chi¬lik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 27-moddasida Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihasiga ilova qilinadigan hujjatlar qatoriga “Qonun loyihasining hududiy manfaatlarga mosligi to‘g‘risidagi xulosani” kiritish maqsadga muvofiq ko‘rinadi. Bunday qoidaning o‘rnatilishi deputat yoki qonunchilik tashabbusi huquqining boshqa sub'yekti tomonidan qonun loyihalarini tayyorlashga hududlarni jalb qilish maj¬bu¬riyatini yuklaydi. Bu, o‘z navbatida, qonun ijodkorligi jarayonini ommaviy siyo¬sat yuritish taomillari asosida tashkil etishga va qabul qilinayotgan qarorlarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Ikkinchi tarafdan, O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan boshlangan xalq bilan muloqotni kengaytirish ishlari doirasida fuqarolarning tashabbusiga asoslangan ommaviy ting¬lovlar, yig‘ilishlar, konferentsiyalar, so‘rovlar, murojaatlar, maslahat kengashlari, jumladan “Yoshlar parlamenti” va fuqarolarning ommaviy boshqaruvdagi ishtirokining boshqa shakllarini kengaytirish mantiqiy ko‘rinadi. Yosh avlodni hokimiyatni amalga oshirishga jalb qilishni kengaytirish u¬ning siyosiy ijtimoiylashuvini ta’minlashga hamda jamiyatning faol a’zo¬siga aylanishiga xizmat qiladi. Bu muhokamaga qo‘yilgan navbatdagi besh yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor vazifalariga to‘liq mosdir.
Zikr etilgan hujjatda o‘z ifodasini topgan davlat boshqaruvi va davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish bilan bog‘liq vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda zamonaviy  axborot texnologiyalarining roli benihoya muhimligi kundek ravshan, albatta. Inter¬net tarmog‘iga asoslangan “e-demokratiya”, “e-hukumat”, “e-boshqaruv” va boshqa ilg‘or tex¬nologiyalarning siyosiy hayotga joriy qilinishi markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat tuzilmalar, jumladan hududiy tabiatga ega birlashmalar va ularning a’zolari o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va boshqa aloqalarning faol rivojlanishiga xizmat qiladi. Shu tufayli, O‘zbekiston Res¬publikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat va xo‘jalik boshqa¬ru¬vi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot-kommunikatsiya texno¬lo¬giyalaridan foydalangan holda yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro ham¬korlikni yanada takomillashtirish chora-tadbirlarining ishlab chiqi¬li¬shi, ayniqsa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va ko‘pgina boshqa mansabdor shaxslarning virtual qabulxonalarining tashkil etilgani respublikamizda “e-demokratiya” asoslarini mustahkamlamoqda, “e-hukumat” va “e-boshqaruv” kabi zamonaviy boshqaruv texnologiyalarining hayotga tatbiq etilishiga xizmat qilmoqda. Boshqaruv tizimining istiqbolda ushbu tarzda takomillashtirib borish, tegishli axbo¬rotni Internet tarmog‘i orqali tarqatish va ommalashtirish barobarida, qaytma aloqalar o‘rnatish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, Harakatlar strategiyasining birinchi ustuvor yo‘nalishida nazarda tutilgan maqsadlar, ayniqsa xalq bilan samarali muloqot mexanizmlarini joriy qilish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini hayotga joriy etish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Yuksak ahamiyatga molik ushbu umummilliy hujjatda belgilangan ko‘p qirrali maqsad va vazifalarni bajarish uchun mas’ul aniq mexanizmlar -  Harakat strategiyasida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasinining maxsus komissiyalari tuzilayotgani ham o‘ta muhimdir. Zero, bunday ulkan ishning samarasi u bilan bog‘liq jarayonlarni boshqarishni oqilona tashkil etish bilan bevosita bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi milliy davlatchiligimiz taraqqiyotining serqirra va fundamental tabiatga ega muhim dasturiga aylanishi shubhasizdir. Unda qo‘yilayotgan vazifalarning muvaffaqiyatli ijrosi umummilliy safarbarlikni taqozo etadi. Bu ishda ilm ahlining zimmasiga alohida mas’uliyat yuklanayotganini ta’kidlash o‘rinlidir. Zero,  Harakat strategiyasining har bir bandini hayotga tatbiq etish uning ilmiy asoslangan va xalqaro amaliyotda sinalgan yo‘llarini oydinlashtirishdan boshlanadi.

Ruzmat Jo‘rayev,
tarix fanlari nomzodi,
Namangan davlat universitetinig dotsenti

O'qilgan: 2894 marta

Biz bilan aloqa

Manzil: Namangan sh, Uychi ko'chasi 316

Mo'ljal: Namangan viloyat hokimligi

Aloqa telefonlari: 0 (369) 227-07-61

Faks: 0(369) 227-01-44

Pochta index: 160119

Web sayt: www.namdu.uz

e-mail: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.

Marshrutlar:  18-, 8-, 7- ,4- ,1- , yo'nalishdagi taksilar, 22- avtobus

Batafsil ma'lumot...

Qisqa xabarlar

Hurmatli www.namdu.uz sayti foydalanuvchilari va mehmonlari, sayt moderatorlari hamda NamDU Axborot xizmati bilan savollar va yangiliklar borasida o'rtoqlashmoqchi bo'lsangiz www.namdu.uz saytining ax@namdu.uz elektron pochta xizmatiga murojaat qilishingizni so'raymiz.
www.namdu.uz saytining "Elektron qabulxona" bo'limi to'la qonli ishga tushdi.